Ushbu maqolani avvalgi qismida aytib o’tganimdek, ikkinchi hikoyani bugun aytib bermoqchiman. Bu hikoyaning avvalgisidan farqi shundaki, bu yerda hikoyamiz monolog tarzida aytib berilgan. Shuni ta’qidlab o’tishim kerakki, hayotni qiyinchiligu tashvishlarini boshidan kechirmagan, hoyu havasga to’la insonlar aytmoqchi bo’lganlarimizning ma’nosiga to’la yetib bormasliklari mumkin. Shuning uchun biroz chuqurroq va kengroq fikr yuritgan holda mulohaza qilaylik.
Keling shu yerda hikoyani boshlaylik. Yaqinda facebook tizimida do’stlarimdan biri insonni chuqur o’yga tortadigan rasmni qo’ygan ekan, juda ko’pchilik izohlar qoldirishgan ekan. O’qib ko’rsam rostdan ham ajoyib rasm ekan. Rasmda keksa otahon rasmi va uning tilidan aytilgan so’zlar bor. Ushbuni siz azizlarga ham yetkazishni lozim topdim. Quyida o’sha so’zlarni o’zbekchaga tarjima qilib, hamma tushunadigan holda yozib bermoqchiman. (tarjima so’zma so’z emas, ma’nosi saqlangan holda o’zbekona tarjima qilinadi)

“Eng avvalo, deb otahon so’zlarini boshlaydi, men maktabni bitirib kollejga kirish uchun o’lib tirildim.
Keyinroq kollejni tezroq tugatib biror joyda ishlash uchun yonib kuydim.
Va undan so’ng, turmush qurib bola-chaqali bo’lish harakatini qildim.
Keyin bolalarim tezroq ulg’ayishini va men erkin holda ishga borib kelishim haqida o’yladim.
Keyinchalik tezroq nafaqaga chiqish uchun vaqt o’tishini hisoblab yurdim va nihoyat hozir o’lish arafasidaman…
Shunda men yashashni unutib quyganimni sezib qoldim.
Iltimos, sizda ham mening holim takrorlanishiga yo’l qo’ymang. Bugungi kunning qadriga yeting va har kuningizdan zavqlaning.
…keksa do’stingiz” deya otahon gaplariga yakun yasaydi.

Keksa do’stimizning aytganlari qanchalik to’g'ri bo’lsa, shunchalik achchiq hamdir, bunaqa hodisalarni biz ko’p guvohi bo’lganmiz. O’zimiz ham rejalar tuzamiz, orzu qilamiz. Orzumiz amalga oshgach yana ko’prog’ini hohlaymiz. Shu zaylda umrimiz ham o’tib ketaveradi, bir pasda keksayib qolganimizni sezmay qolamiz…
Pul uchun sog’ligimizni yoqotamiz va sog’ligimizni yana tiklash uchun topgan pulimizdan ko’ra ko’proq pul yoqotamiz… Ko’pchilik bu hayotda umuman o’lmaydigandek umr kechirishadi, va umuman yashamaganliklarini his qilib o’lib ketishadi. O’ylaymanki nima demoqchi bo’lganligimiz sizga yetib bordi. Shu yerda aytmoqchi bo’lganlarimga yakun yasayman, hulosa o’zingizdan azizlar!







